Lola Yoʻldosheva (1985-yil 4-sentabr kuni tugʻilgan) — shunchaki Lola oʻlaroq maʼlum oʻzbek qoʻshiqchisi, bastakori va aktrisasi. Lola 2003-yil „Muhabbatim“ qoʻshigʻi bilan Oʻzbekistonda shuhrat qozongan. U ham oʻzbek, ham rus tillarida qoʻshiq kuylaydi.
Lola 2004-yil „Sevinch“ filmida ilk yirik rolini oʻynadi. Uning aktrisalik mahorati muxlislar va kino olami tanqidchilari tomonidan yuqori baholandi. 2005-yil olingan „Kelgindi kuyov“ filmidagi roli Lolaga yanada koʻproq shuhrat olib keldi. Bu muvaffayiqatdan keyin Lola bir necha filmda rol oʻynadi.
2005-yil Lola turmushga chiqdi va sanʼat olamini nomaʼlum vaqtga tark etdi. 2011-yil yangi konsert dasturi bilan shou-biznesga qaytdi. 2015-yil Lola Rayhon bilan duet ijro etayotib sahnaga „milliy mentalitetga zid“ ochiq qizil koʻylak bilan chiqqani uchun „Oʻzbeknavo“ tanqidiga uchradi. Keyinroq qoʻshiq klipi lesbiyankalarni tasvirlanganlikda ayblanib, qoralandi. Buning ortidan 2015-yilning iyulida „Oʻzbeknavo“ Lolaning litsenziyasini toʻxtatdi.
Hayoti
Lola Yoʻldosheva 1985-yilning 4-sentabrida Toshkent shahrida tugʻilgan. Otasi – Ravshanbek Yoʻldoshev, onasi – Gulnara Yoʻldosheva. Lolaning ikki singlisi (Anora va Asal) hamda ukasi (Rustam) bor.
2005-yil Lola toshkentlik tadbirkor Shohruhga turmushga chiqdi. Ularning ikki farzandlari bor: Shahinabegim va Shohdiyor. 2011-yil Lola va Shohruh ajrashishdi.
Ijodi
Lola boshida Maya taxallusi bilan asosan rus tilida qoʻshiq kuylagan. 2003-yil „Muhabbatim“ qoʻshigʻi bilan Oʻzbekistonda shuhrat qozongan. 2005-yil Lola turmushga chiqdi va sanʼat olamini nomaʼlum vaqtga tark etdi. 2011-yil „Senga“ nomli yangi konsert dasturi bilan shou-biznesga qaytdi.
Lola 2004-yil „Sevinch“ filmida ilk yirik rolini oʻynadi. Film kinoteatrlarda yaxshi natijada koʻrsatdi. Lola saraton kasaliga chalingan qiz rolini yaxshi oʻynagani uchun olqishga sazovor boʻldi. Lolaning „Orzu“ ashulasi film sountrackiga kiritildi.
Lola 2005-yil „Kelgindi kuyov“ filmida oʻynagan roli uchun oʻzbek kino olamida yanada koʻproq shuhrat qozondi. Buning ortidan aktrisa bir necha filmda rol oʻynadi.
Lola 2015-yilning 24-fevralida Rayhon konsertida „Koʻnikmadim“ duetini ijro etish uchun „milliy mentalitetga zid“ ochiq qizil libosda chiqqani uchun „Oʻzbeknavo“dan ogohlantirish oldi. Ayrim oʻzbeklar qoʻshiq klipini lesbiyankalarni aks etganlikda ayblab, tanqid qildi.
2015-yilning martida „Oʻzbeknavo“ ayol qoʻshiqchilarning yelkasi yoki soni ochiq kiyimllar kiyishini, ommaviy tadbirlarda „yarim-yalangʻoch“ chiqishini hamda sahnada ortiqcha seksual elementlarni koʻrsatishini man qildi. Oʻzbekiston Bosh vazirining oʻrinbosari, Xotin-qizlar qoʻmitasi raisi Elmira Bositxonova „Ayrim xonandalarimizning turli ajnabiy va milliylikka yot liboslarni kiyishlari, yoshlarning tarbiyasiga salbiy taʼsir koʻrsatadigan sayoz qoʻshiq matnlari, qoʻpol, behayo va beandisha harakatlar aks ettirilgan kliplarning oila davrasida koʻriladigan ekranlarga uzatilayotganini nima bilan izohlash mumkin?“ dedi. Bositxonovaning bu sharhi ortida 2015-yilning 14-iyulida „Oʻzbeknavo“ Lolaning litsenziyasini toʻxtatdi
Lola bir necha mukofotga sovrindor boʻlgan. 2004-yil „Eng yaxshi sahna libosi“ nominatsiyasida „Tarona“ mukofotini olgan. 2005-yil ikkinchi marta shu mukofot bilan taqdirlangan. 2005-yil yana „Eng yaxshi ayol qoʻshiqchi“ nominatsiyasida ham „Tarona“ mukofotini qoʻlga kiritgan.
|