Uch yoki undan oshiq tovushning birga chalinishi akkord deb ataladi. Akkordlarni chalishni o‘rganishdan avval ularning tuzilishi va ayrim musiqiy tushunchalarga qisqacha to‘xtalib o‘tamiz.
Gitara temperatsiyalangan cholg‘u asbobidir, ya’ni undagi har bir yonma-yon joylashgan parda o‘rtasida yarim ton farq bor. Hozirgi zamonaviy temperatsiyada 12 pog‘ona bor. Bular quyidagilardir: do-re-mi-fa-sol-lya-si (fortepiano klaviaturasidagi oq klavishlar) hamda mustaqil nomga ega bo‘lmagan (fortepianoning qora klavishlari) tovushlar.
Mustaqil nomi bo‘lmagan tovushlarga do va re o‘rtasidagi, re va mi o‘rtasidagi, fa va sol o‘rtasidagi, sol va lya o‘rtasidagi hamda lya va si o‘rtasidagi tovushlar kiradi. Ularni yonidagi nota nomi bilan nomlaymiz. Masalan, do va re o‘rtasidagi tovushni balandlatilgan do (do#, ya’ni do diyez) yoki pastlatilgan re (reb, ya’ni re bemol) deb atash mumkin.
Ikki tovushning past-balandlik jihatidan o‘zaro nisbati interval deb ataladi. 8 ta asosiy interval nomi mavjud bo‘lib, bu tovushqatordagi tovushlar soniga mos keladi. Bular quyidagilardir: prima – 1, sekunda – 2, tersiya – 3, kvarta – 4, kvinta – 5, seksta – 6, septima – 7, oktava – 8.
Akkorddagi tovushlar odatda tersiyalardan iborat bo‘ladi. Boshqacha qilib aytganda, akkord tovushlari o‘rtasidagi farq uch intervaldan iborat bo‘ladi.
Katta tersiya (2 ton) va kichik tersiyadan (1,5 ton) iborat akkord major akkord deyiladi. Kichik tersiya (1.5 ton) va katta tersiyadan (1,5 ton) iborat akkord esa minor akkord deyiladi. Sodda qilib major akkordlarni „quvnoq“ akkordlar, minor akkordlarni esa „g‘amgin“ akkordlar deb atash mumkin, chunki major akkordlar odatda quvnoqroq, minor akkordlar esa g‘amginroq tovushga ega bo‘ladi.
Ikki kichik tersiyadan iborat akkord kichraytirilgan, ikki katta tersiyadan iborat akkord esa kattalashtirilgan akkord deb ataladi. Har bir akkord undagi pastki tovushdan yuqori tovushga qarab tuziladi va shunday o‘qiladi.
Akkordning asosi bo‘lgan tovush uning primasi deb ataladi. Prima ortidan akkordning tersiyasi (3-interval), keyin kvintasi (5-interval), keyin septimasi (7-interval) va nonasi (9-interval) keladi. Bu tovushlarni mos ravishda 1, 3, 5, 7 va 9 deb belgilaymiz.
6 raqami bor akkord sekstakkord deb ataladi. 7 raqami bor akkord esa septakkord deb ataladi. add9 belgisi akkordga nona (bir oktavadan keyingi sekunda, ya’ni 9-pog‘ona) qo‘shilganini anglatadi. +5 akkordning kvintasi yarim tonga ko‘tarilganini, -5 esa yarim tonga pastlatilganini bildiradi.
Sizning ilk akkordingiz
Gitara akkordlarini jadval yoki to‘r shaklida ifodalash keng tarqalgan. Quyida eng oson akkordlardan biri bo‘lmish Em (mi minor) akkordi keltirilgan.
Rasm chapida parda raqami berilgan. O’ng tarafda 1-, ya’ni eng ingichka tor, chap tarafda esa 6-, ya’ni eng yo‘g‘on tor berilgan. Aylana ichidagi raqamlar torlarni qaysi barmoq bilan bosish kerakligini anglatadi. Em akkordini chalish uchun 4-torni 2-pardada 2-barmoq bilan, 5-torni esa 2-pardada 1-barmoq bilan bosamiz. Qolgan to‘rt torni ochiq chalamiz. Shuning uchun ularga mos keluvchi aylana ichida raqam yo‘q. Ochiq torlar yana 0 raqami bilan ham belgilanadi.
Chap qo‘lingiz bilan tegishli torlarni bosganingizdan keyin, o‘ng qo‘lingizning bosh barmog‘i bilan har bir torni bir-birdan chertib ko‘ring. So‘ngra barchasini yuqoridan pastga cherting. Har bir tor jarangli ovoz chiqarishi kerak.
Akkord jarangli chiqishi uchun barmoqlaringiz bilan torlarni yetarlicha qattiq bosishingiz kerak. Bundan tashqari, barmoq gitara dastasiga 90 gradusda bo‘lishi, bosilayotgan torning yonidagi torlarga tegmasligi kerak. Aks holda, akkord bo‘g‘iladi. Bu boshida murakkab tuyilishi mumkin. Yetarlicha mashq qilganingizdan keyin, akkordni yaxshi chalishni o‘zlashtirib olasiz.
Yana bir narsa. Iloji bo‘lsa torni pardaning o‘rtarog‘ida bosish kerak. Barmog‘ingizni paradalarni bo‘luvchi metallga qanchalik yaqin qilsangiz, uni bosish shunchalik qiyin bo‘ladi.
Chertayotib o‘ng qo‘lingizni bo‘sh qo‘ying. Barmoqlar torlarga salgina tegsa bas. Aks holda, bir tordan ikkinchisiga o‘tish qiyin bo‘ladi. Tabriklayman, birinchi akkordingizni o‘rgandingiz!
Sizning ilk ohangingiz
Bir akkordni chalishni o‘rgandingiz. Endi yana uch akkordni ko‘rib chiqamiz. Bular G (sol), C (do) hamda D (re) akkordlaridir. Ushbu akkordlarni o‘rganib chiqqaningizdan keyin, ilk ohangingizni ijro eta olasiz. Hozircha o‘ng qo‘l bilan torlarni oddiy qilib yuqoridan pastga qarab bir marta chalamiz xolos. Keyingi bo‘limda o‘ng qo‘l bilan chalish haqida so‘z yuritiladi.
Quyida G akkordini chalish ko‘rsatilgan jadval berilgan:
G akkordini chalish uchun 1-torni 3-pardada 3-barmoq bilan, 5-torni 2-pardada 1-barmoq bilan, 6-torni esa 3-pardada 2-barmoq bilan bosamiz. Qolgan uch torni esa ochiq chalamiz.
Endi esa C akkordini chalishni o‘rganamiz:
C akkordini chalish uchun 2-torni 1-pardada 1-barmoq bilan, 4-torni 2-pardada 2-barmoq bilan, 5-torni esa 3-pardada 3-barmoq bilan bosamiz. 3-torni ochiq chalamiz. 6-torni esa umuman chalmaymiz. Shuning uchun jadvalda 6-tor X bilan belgilangan.
Endi D akkordini ko‘rib chiqsak:
D akkordini chalish uchun 1-torni 2-pardada 2-barmoq bilan, 2-torni 3-pardada 3-barmoq bilan, 3-torni esa 2-pardada 1-barmoq bilan bosamiz. 4-torni ochiq chalamiz. 5-6-torlarni esa umuman chalmaymiz.
Ushbu to‘rttala akkordni qayta-qayta chalamiz. Boshida bir akkorddan ikkinchisiga o‘tishga qiynalasiz, barmoqlaringiz o‘rnini almashtirguningizcha ozgina vaqt o‘tadi. Bu normal hol. Vaqt o‘tishi bilan akkordlarni tez-tez almashtirishni o‘rganib olasiz.
Barre akkordlar
Yuqorida faqat ochiq, ya’ni ayrim torlari ochiq chalingan akkordlarni ko‘rib chiqdik. Ularni chalish unchalik qiyin emas. Lekin yopiq, ya’ni barcha tor biror pardada bosilgan akkordlar juda keng qo‘llaniladi. Bu akkordlar barre akkordlar deb ham ataladi. Ularni chalish nisbatan mushkuldir. Yopiq akkordlarda odatda ko‘rsatkich barmoq tegishli pardada barcha torlarni bosadi. Qolgan barmoqlar bilan akkordning qolgan notalari bosiladi.
Keling endi F major barre akkordini ko‘rib chiqsak. Uni quyidagicha qilib chalamiz:
F yopiq akkordini chalish uchun 1-barmoq bilan barcha torni 1-pardada bosamiz. 3-torni 2-pardada 2-barmoq bilan, 4-torni 3-pardada 4-barmoq bilan, 5-torni esa 3-pardada 3-barmoq bilan bosamiz.
Ko‘rsatkich barmoq barcha torni yetarlicha qattiq bosishi kerak. Har bir torni bir-birdan chertib ko‘ring. Har bir tor bo‘g‘ilmay jarangdor ovoz chiqarishi kerak. Biror tor bo‘g‘ilayotgan bo‘lsa, tegishli torni qattiqroq bosing.
Barre akkordlarni chalish chap qo‘l uchun ancha mushkul. Faqat yetarlicha mashq qilsangizgina bunday akkordlarni chalishni o‘rganib olasiz. O‘rganishingiz uchun bir necha hafta o‘tishi mumkin. Asosiysi, umidsizlanib gitarani uloqtirmang!
Chap qo‘lingiz bilan F akkordini ushlaganingizdan keyin, barmoqlar shaklini o‘zgartirmay qo‘lingizni 2 parda pastga siljitsangiz, yopiq G akkordini ushlagan bo‘lasiz.
Yopiq G akkordi bilan yuqorida berilgan ochiq G akkordi ovozi bir xil chiqadi. G akkordini ham ochiq, ham yopiq chalib bunga o‘zingiz amin bo‘lishingiz mumkin.
Barre akkordlarni chalishni kapodastr osonlashtiradi. Masalan, F akkordini chalish uchun kapodastrni birinchi pardaga qo‘yib, 2- va 3- pardalarda ochiq E akkordi shaklini ushlashimiz mumkin. Sodda qilib aytganda, kapodastr barcha torlarni bosuvchi ko‘rsatkich barmoq vazifasini o‘taydi.
Vaqt o‘tishi bilan keng qo‘llaniladigan akkordlarni yodlab olasiz. Ungacha istalgan akkordni ko‘rib olishingiz mumkin bo‘lgan saytlardan yoki Android va iOS operatsion tizimlarida ishlaydigan qurilmalar uchun yaratilgan dasturlardan foydalanishingiz mumkin
Manba Nodir atayev web saytidan olindi
|